Asl eʼlonni ingliz tilida oʻqish
Bugungi yangilanishda guruh va kanallarda boshqalar kontentni saqlashining oldini olish uchun vositalar, muayyan vaqt muddatlaridagi xabarlarni oʻchirib tashlash imkoniyati, ulangan qurilmalaringizni boshqarishning yangi usullari, ommaviy guruhlarda kanalingiz nomidan anonim post qilish imkoniyati va boshqa yangiliklar taqdim etiladi.
Endi kontent yaratuvchilar materiallarini faqat ular tanlagan auditoriya koʻrishi uchun guruh va kanallaridan koʻchirishni taqiqlashi mumkin.
Buning uchun guruh va kanallar egalari xabarlarni uzatish imkoniyatini cheklashi mumkin. Agar uzatish cheklansa, foydalanuvchilar bevosita mediani saqlay olmaydi va skrinshot qila olmaydi.
Foydalanuvchilarning xabarlarni uzatish imkoniyatini oʻzgartirish uchun Guruh yoki Kanal haqida sahifasi > Guruh/Kanal turi > Uzatishni cheklash rukniga kiring.
Telegram foydalanuvchilari oʻz yozishmalari tarixini toʻliq nazorat qila oladi va xabarlarni suhbatning boshqa ishtirokchilaridan izsiz oʻchirib tashlashi mumkin. Bugungi yangilanish biror shaxsiy chatda muayyan kun yoki vaqt oraligʻidagi xabarlar tarixini tozalab tashlash imkonini beradi.
Taqvimni ochish uchun chat boʻylab aylantirayotganingizda qalqib chiqadigan sana panelini bosing, keyin qaysi kunlarni tozalab tashlashni tanlang.
Muayyan sanalar uchun chat tarixini tozalash hozircha faqat yakkama-yakka chatlarda ishlaydi, lekin istalgan chatda xabarlarni yuborilganidan bir kun, bir hafta yoki bir oy keyin avtomatik oʻchirib tashlanadigan qilib sozlashingiz mumkin.
Telegramdan barcha qurilmalaringizda bir vaqtda foydalanishingiz mumkin. Qurilmalar menyusi hisobingizga qayerdan kirilganini boshqarish imkonini beradi. Desktop qurilmasini tez ulash uchun yangi tugma va muayyan vaqtdan keyin nofaol ilovalarda hisobdan avtomatik chiqish uchun sozlama kiritdik.
Roʻyxatdagi istalgan qurilmani bosib, u haqidagi axborotni koʻring va u chaqiruvlar yoki yangi maxfiy chatlarni qabul qila olishini boshqaring.
Telegram barcha platformalar uchun mavjud – boshqa qurilmalaringizda ilovani yuklab olish uchun tg.idealclover.workers.dev/static/apps sahifasiga kiring.
Ommaviy guruhlar va kanal fikrlari minglab aʼzolarga ega yirik hamjamiyatlarda istalgan mavzuda muhokama qilish imkonini beradi. Bu guruhlardan demokratiyani himoya qilishdan tortib muxlislar bilan suhbatlashishgacha barcha holatlar uchun foydalaniladi, shuning uchun ushbu chatlarda xabar yuborganda kanal sifatida koʻrinish imkoniyatini qoʻshdik.
Xabar paneli yonidagi profil rasmini bosing va kanallaringizdan birini tanlang, shundan keyin siz yuboradigan xabarlar shaxsiy hisobingiz oʻrniga kanal nomi va rasmi bilan koʻrinadi.
Kanalingiz nomidan post qilganda xabar bloklaringiz yuqori qismida kanal nomini koʻrasiz.
Bugundan boshlab ayrim mobil qurilmalarda Telegramdan SMS orqali kodlarni olish oʻrniga login chaqiruvini qabul qilish va chaqiruv qilgan telefon raqamining bir nechta raqamini kiritish imkoniyati taklif qilinadi.
Biror guruh yoki kanalga qoʻshilish soʻrovini yuborsangiz va uning admini xabar bilan javob bersa, chatning yuqori qismida uning guruhi yoki kanali nomini koʻrasiz.
Bu yangilanishdan boshlab bot adminlari admin boʻlgan chatlarida qoʻshilishni soʻrayotgan foydalanuvchilar bilan hatto foydalanuvchi oldin bot bilan muloqot qilmagan boʻlsa ham bogʻlanishi mumkin. Bu cheksiz imkoniyatlarni ochadi: qoʻshilishdan oldin shunchaki guruh chati qoidalarini qabul qilishdan tortib, sinov testidan oʻtish, kanal yaratuvchilariga kichik xayriya qilishgacha.
Sentabrdagi yangilanishimizda alohida chatlarga oʻrnatishingiz mumkin boʻlgan 8 ta yangi mavzu taqdim etilgan edi. Endi ulardan butun Android ilovasida foydalanish mumkin (iOS foydalanuvchilari bu imkoniyatga avvalgi yangilanishda ega boʻlgan edi).
Mavzu tanlash osonroq boʻlishi uchun “Chat sozlamalari” boʻlimini toʻliq qaytadan ishlab chiqdik. Yangi mavzular Telegram jamoasi dizaynerlari tomonidan yaratilgan, har bir mavzuning kunduzgi va tungi rejimlari mavjud, xabar bloklari uchun rangli gradiyentlar va unikal naqshlarga ega animatsiyali fonlardan foydalaniladi.
Yangi mavzularning istalgan elementini oʻz didingizga moslab oʻzgartirishingiz, masalan, boshqa ranglar yoki naqshlarni tanlashingiz mumkin. Kengaytirilgan sozlamalarni Koʻrinish > Mavzularga razm solish ruknida topishingiz mumkin.
iOS 13+ tizimidagi qurilmalarda Telegram chatlaridagi rasmlar uchun Matnni aniqlash (Jonli matn) funksiyasi kiritildi. Bu sizga klaviaturangizga tegmasdan tez tanlash, nusxa olish va qidirish imkonini beradi. Bu rasmni aniqlash jarayoni faqat qurilmangizda xavfsiz tarzda amalga oshiriladi.
Qoʻllab-quvvatlanadigan tillar roʻyxati Apple tomonidan boshqariladi, shuning uchun tilingiz hali roʻyxatda boʻlmasa, kelgusi operatsion tizim yangilanishlarini kuzatib boring.
Biroz qalin yoki qiya qilish xabaringizga kerakli urgʻu berishi mumkin. Endi barcha matnni formatlash imkoniyatlaridan, jumladan, matn havolalaridan media izohlarida ham foydalanishingiz mumkin.
Bu imkoniyatni aynan iOS foydalanuvchilariga eʼlon qilayotganimizning sababi Android ilovasida allaqachon ushbu imkoniyat mavjud.
Foydalanuvchi, guruh va kanallar profillari iOS 15 standartlariga muvofiq yangilandi.
Hozircha shular. Bizni kuzatib boring va ushbu yilda yana qanday yangiliklarni kiritishga ulgurishimizni birinchilardan boʻlib biling.
2021-yil, 7-dekabr
Telegram jamoasi